Abu Rayhon Beruniyning shifobaxsh o'simliklar ensiklopediyasi - Saydana
Beruniyning oxirgi asari – «Dorivor o‘simliklar haqida kitob»ining qo‘lyozmasi XX asrning 30 yillarida Turkiyada topiladi. Asar «Saydana» nomi bilan mashhur, unda Beruniy Sharq, ayniqsa, Markaziy Osiyoda o‘sadigan shifobaxsh o‘simliklar haqida ma’lumot beradi. Dorishunoslikka oid asarlarni umr bo‘yi yiqqan Beruniy o‘z esdaliklarida qo‘yidagi ikkita kitob haqida shunday deydi: «Mening qo‘limga bir vaqtda ikkita kitob tushdi birisi «O‘tlar kitobi» deb atalib, unda har bir o‘tning rasmi bor edi. Bu rasmning qarshisiga uning dorivorligi yunon harflari bilan yozilgan. Ikkinchi kitob VI asrda yashagan qadimgi yunon tabibi Oribasining «Davolar kitobi» edi. Bu kitobda dorivorlik haqida to‘g‘ri fikrlarga ishonchim komil bo‘lganidan uni arab harfi bilan ko‘chirib chiqdim».
Beruniyning tabobatda eng qiyin bo‘lgan dorishunoslik bo‘yicha asari «Kitob as-say-dona – fi-t-tibb» («Tabobatda dorishunoslik» – «Saydana») deb nomlangan. U o‘z asarida har bir o‘simlikning o‘sish joylarini, belgilarini, shifobaxsh xususiyatlarini, biridan ikkinchisini farqini, biri o‘rniga ikkinchisini berish mumkinligini ko‘rsatadi. Beruniy «Saydana» asarida dorivor o‘simliklarni nomini alifbo tartibida joylashtiradi. Dorivor o‘simliklar nomini ko‘rinishini, qayerlarda o‘sishi, qaysi faslda gullashi va hosil berishi, o‘simlikning qaysi oilaga mansubligi va qanday kasalliklarni davolashda qo‘llanishi haqida to‘liq tavsif beradi. Beruniyshunos olim, professor Ubaydulla Karimovning aniqlashicha, Beruniy «Saydana» asarida dori moddalarining nomlarini 31 ta til va lahjada bayon etadi. Bu esa uning juda ko‘p tillarni bilishini ko‘rsatadi.
Shuningdek, u har bir dorivor o‘simlikning arab, fors, rum, turk, hind va xorazm tillarida nomlanishini aniq bayon qiladi. Bu bilan Beruniy dorivor o‘simliklarning lug‘atini ham meros qilib qoldirgan. Bundan tashqari Beruniy «Saydana»da 65 ta shoirning nomini tilga olib, she’rlaridan misralar keltirgan. Asar hammasi bo‘lib 350 satrni o‘z ichiga olgan 141 ta she’riy parcha keltirilgan.
Beruniyning qadimgi arab she’riyatiga bunchalik ko‘p murojaat qilishi tasodifiy emas, ularda islomgacha bo‘lgan davr va islomning ilk asrlaridagi arablar hayoti hamda ularni o‘rab olgan muhit haqida turli ma’lumotlar, shuningdek, turli o‘simlik va hayvonlarning nomlari saqlangan. Shuning uchun she’riy dalillar «Saydana»da har bir tavsif qilinayotgan modda nomining mohiyatini ochishda qo‘shimcha tasviriy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, ular u yoki bu so‘z arab tilida qadimdan mavjudligiga guvohlik ham beradi. Bu asar arab o‘lkasi haqidagi qadimiy ma’lumotlar berilgan qomusiy manba sifatida taqdim etilganini ko‘ramiz. Asar ko‘pgina ilmiy tadqiqotlarda muhim manba ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.