"Beaql" bolaning ixtirochiligi
Lampochkani ixtiro qilgan Tomas Edison bolalik paytida maktabdan uyiga kelgach onasiga konvertga solingan xatni berdi va: - Buni o‘qituvchimiz Sizga berib yubordi, - dedi. Ona xatni o‘qir ekan, ko‘zlaridan yoshlari dumalab tushdi. Bundan xijolat yosh Tomas xavotirga tushib yig‘ining sababini so‘radi. Onasi ancha xotirjamlik ila javob berdi: - Sening kuchli qobiliyating bor ekan. Mana eshit: "O‘g‘lingiz o‘ta iqtidorli, maktab unga va uning qobiliyatiga torlik qiladi. Shuning uchun o‘g‘lingiz uyida taʼlim ola qolsin!". Shunday qilib Edison o‘z uyida onasidan tarbiya ola boshladi. Oradan bir qancha yillar o‘tdi. U lampochkani ixtiro qildi. Vaqti soati yetib uning onasi vafot etdi. Onasining vafotidan keyin olim shkaftdan bir konvertni topib oldi. Ancha yil o‘tgan bo‘lsa-da, xatni tanidi. Bu – o‘sha bolaligida maktabdan kelgan xat edi. Bir zum tarix og‘ushiga sho‘ng‘igan Edison xatni o‘z ko‘zi bilan o‘qiy boshladi. Unda shunday deb yozilgan edi: "O‘g‘lingiz o‘ta beaql va qobiliyatsiz bola. Ertadan boshlab qaytib maktabga kelmasin!" Edison ancha vaqtgacha yig‘isini to‘xtata olmadi. So‘ng xotiralar daftariga quyidagi so‘zlarni bitib qo‘ydi: “Edison haqiqatan ham o‘ta kaltafahm bola edi. Biroq onasining go‘zal tarbiyasi sababli isteʼdod sohibiga aylandi”.