Firibgarlikni fosh qilgan talaba
Vengriyalik bir talaba Angliyada o‘qib yurganda puli kam bo‘lgani uchun yotoqxonada yashardi. U o‘zi doim ovqatlanadigan kafening ovqatlari taʼmidan shubhalanib qoldi. Nimagadir eski ovqatlarga o‘xshab ketardi. Oshpazlar chala yeyilgan qoldiq ovqatlarni qayta ishlatayotganlarini aniqlamoqchi bo‘ldi.
U bir kuni sotib olgan ovqati ichiga oz miqdorda radioaktiv moddalar qo‘shib qo‘ydi. Bir necha kundan keyin u xuddi shunday ovqatni yana sotib oldi. Oddiy elektroskop yordamida ovqat tarkibidagi radioaktivlikni aniqlab shubhasi bekor emasligini tasdiqladi. Bu talaba kelgusida kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini olgan vengriyalik olim Dyor de Xeveshi edi. U gafniy elementining kashshoflaridan biri hamdir.
Shunaqa, kuchli bilim firibgarliklarni fosh etishda ham asqotadi.