"ONAMGA GUL OLAMAN"
2000-yilning dekabr oyi edi.
Universitetni yangi bitirganman. Bir davlat maktabida o‘qituvchilik qilar edim. Zo‘r hayajon bilan darslarga kirardim. Sinflarning birida, shartli jumlalarni anglata turib, taxtaga inglizcha bir jumla yozdim.
- Mana bolalar, taxtada «Agar boy bo‘lganimda onamga ....... olar edim.» deb yozilgan. Siz xayol kuchingizni ishga solib, bo‘sh qolgan yerni to‘ldiring, tushunarlimi?
Bolalarga tushunarli bo‘ldi shekilli, hammalari oldlaridagi men tarqatgan oq qog‘ozni olib, o‘yga toldilar.
Besh daqiqadan so‘ng qog‘ozlarni yig‘ishtirib oldim. Birma-bir ularni o‘qiy boshladim.
Kosmik kema,
Ferrari,
Mayamida yoz ta’tili,
Maldivlardan bir orol...
Men o‘qir edim. Bolalar kular edilar. Oxirgi qog‘ozni ichimda o‘qidim.
«Agar boy bo‘lganimda onamga gullar olgan bo‘lardim!»
Bu so‘zlarni yozgan o‘quvchi, sinfga yaqinda yangi kelgan, ozg‘indan kelgan, yopiq tabiatli bola edi.
- Ichimizda juda nozik tuyg‘uli bir do‘stimiz bor, -dedim.
- Salim, qani tur-chi. Nima deb yozganingni o‘rtoqlaringga ayta olasanmi?
- «Gullar olaman» deb yozdim, muallim.
Sinfda yengil bir kulgi ko‘tarildi.
-- Men juda boy bo‘lganingizni tasavvur qiling, dedim. Hayolingiz kuchini kengroq ishlating, degandim.
Shunga qaramay, «gul olardim» debsan. Buning bir sababi bo‘lsa kerak?
Salim biroz sukut qildi. Keyin o‘rnidan turdi.
- Aqlimga boshqa bir narsa kelmadi, - dedi oddiygina qilib.
Uning yuzida Mona Liza portretini eslatadigan, kulish bilan yig‘lash orasidagi g‘arib bir holat bor edi.
- O‘g‘lim, men bilan hazillashyapsanmi? Nima, sizlarga aqlingizga keladigan narsalarni aytib berishim kerakmidi?
Salim javob bermadi. Qog‘ozlarni boshqatdan tarqatdim.
Qo‘ng‘iroq chalinib, sinf ona ariga yopishgan ari to‘dasi kabi tashqariga otildi. Tashqarida mayin yomg‘ir yog‘ar edi.
Ertasiga maktabga kelganimda, dahlizda Salimning otasi meni kutib turganini ko‘rdim. Oldidagi kursida, kecha men tarqatgan qog‘oz g‘ijimlangan holda turardi.
O‘tirib biroz gaplashdik.
Qisqa suhbatdan so‘ng u ketdi...
Arang mashg‘ulot xonasi tomon yurdim. Boshim aylanar edi.
Hayqiriqqa o‘xshash bir narsa tomog‘imga tiqilgan, hozir portlagudek edi...
2000-yilning dekabr oyi edi...
Qog‘ozdagi kichik bo‘shliqni gul bilan to‘ldirgan Salimning, hayotidagi eng katta bo‘shlig‘ini ham gul bilan to‘ldirishga harakat etayotganini o‘rgangan edim...
Uch oy avval avtohalokatda onasini yo‘qotganini, o‘shandan beri har kuni otasi bilan birga hech qoldirmay har juma kuni onasining qabriga gul ekib kelishayotganini...
Kecha esa tuni bilan, otasi eshitmasin uchun, yuzini yostiqqa ko‘mib ho‘ngrab yig‘laganini...
Universitetdan olingan diplom bilan o‘qituvchi bo‘lish mumkin emasligini...
Hammasini, hayotimning eng salqin dekabr tongida angladim...